Andijonda fuqaro soxta havolaga ishonib chuv tushdi

    Andijon viloyatida yashovchi 46 yoshli fuqaro И.Ш. bank kartasidan 1.000.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilgani haqida IIOga murojaat qilgan.

    Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

    Murojaatga asosan Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Fargʻona viloyatida yashovchi 20 yoshli Х.D. sodir etgani aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Х.D. internet foydalanuvchilariga Telegram messenjeri orqali yolgʻon eʼlonlar ostida soxta dastur, havola joʻnatib, bu eʼlonga ishongan jabrlanuvchi I.Sh.ning bank karta maʼlumotlarini qoʻlga kiritish orqali uning bank mobil ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olgan va uning hisobidagi pullarni oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank kartasiga oʻtkazib olib, oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

    Hozirda holat yuzasidan Х.D.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.