Andijon viloyati hududida “Dolzarb 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbirlari doirasida bir qator jinoyat olami vakillari, tovlamachilar, oʻzidan “yetakchi” yasab olganlar hamda ularga yaqin boʻlgan shaxslar ushlanmoqda, deya xabar bermoqda Andijon viloyati IIB Matbuot xizmati.
Joriy yilning 2-dekabr kuni oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida muqaddam JKning qator moddalari bilan sudlangan B.N., U.U., hamda M.D.lar viloyat hududida mayda bezorilik, tovlamachilik, kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganliklari aniqlandi.
Ularga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, JKning 165, 251-1, 273-moddalariga asosan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.