YUrtimizda karantin o'rnatilgandan so'ng tibbiy niqoblarga ehtiyoj ortdi. SHu sabab korxona rahbariyati tashabbusi bilan xalq iste'moli tovarlari ishlab chiqarishga mo'ljallangan uchastka qayta jihozlandi. Ayni paytda korxonada 50 ga yaqin chevar tomonidan “O'zavtosanoat” tizimidagi korxonalar ishchi-xizmatchilari uchun tibbiy niqoblar, himoya kombinzonlari va yuz himoya to'siqlari (shchitlari) ishlab chiqarilyapti.
— Bugungi talabdan kelib chiqib korxonamizdagi mavjud tikuvchilik tsexida niqoblar va himoya kombinzonlarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydik,— deydi “O'z-DongYAng Ko” qo'shma korxonasi bosh direktori Azizbek Muhiddinov. —Natijada barcha xodimlar niqoblar bilan to'la ta'minlandi, bundan tashqari, ularning oila-a'zolari ham himoyalandi.
Dastlabki kunlarda 20 000 dona tibbiy niqob tikilgan bo'lsa, hozir kunlik ishlab chiqarish hajmi 60 000 donaga etdi. SHu paytga qadar ikki yarim milliondan ortiq tibbiy niqob va 2 000 dan ortiq yuz himoya anjomi ishlab chiqarildi. SHundan 250 ming donasi Ukrainaga eksport qilindi.
Korxonada tayyorlanayotgan yuz himoya to'siqlari va himoya kombinzonlari sog'liqni saqlash tizimi va huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, supermarketlar sotuvchilari, ko'ngillilar, qo'riqlash va kur`erlik xizmatlari xodimlariga mo'ljallangan.
Bugungi kunda ushbu himoya vositalarini ishlab chiqarish quvvati 2000 donadan ziyodni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, mutaxassislar quvvatlarni kuniga 10 000 donagacha oshirish ustida ish olib bormoqda va mahsulotni MDH mamlakatlariga eksport qilish uchun bozorlar o'rganilyapti.
Rustamjon eSHONOV