Andijonda hunarmandchilik markazi ochildi

    Madaniyat 19 Iyun 2021 3299

    Bugun Andijon viloyati Shahrixon tumani “Qora koʻrpa” MFY hududida “Shahrixon hunarmandchilik markazi” ning ochildi.

    Markazning ochilish marosimida taʼkidlanganidek, “Hunarmandchilik markazlari”ni tashkil etishdan maqsad, yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga milliy hunarmandchiligimiz haqida maʼlumot berish, targʻib qilish, yoshlarni hunarga oʻrgatishdan iborat. Bu markaz turistik hududlarga yaqin boʻlgan joylarga qurilgan, mehmonlar topishi oson boʻlishi inobatga olingan. Bundan tashqari, bu kabi markazlar xalq amaliy sanʼatini asrab-avaylash, milliy hunarmandchiligimizni rivojlantirish va kelajak avlod uchun saqlash, usta hunarmandlardan bu sohaning sir-asrorlarini yoshlarga oʻrgatishiga xizmat qiladi.

    Bundan uch-toʻrt yil avval yurtimizda 17 ta hunarmandchilikni rivojlantirish markazi faoliyat yuritib kelgan boʻlsa, 2020-yil yakuniga qadar ular soni 31 taga koʻpaydi. Respublikamizning barcha viloyatlarida hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.

    2021-yil aprel oyida Fargʻonaning Rishton, Xorazmning Yangiariq tumani va Surxondaryoning Termiz shahrida kulolchilikni rivojlantirish markazlari qurib bitkazildi.

    2021-2022-yillarda respublikamizda jami 54 ta hunarmandchilikni rivojlantirish markazini qurish rejalashtirilgan.

    “Hunarmandchilik markazlari” “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan aholi vakillariga hunar oʻrganish, bandligini taʼminlashga xizmat qiladi.

    Shahrixon tumani “Qora koʻrpa” mahallasida yangi tashkil etilgan “Shahrixon hunarmandchilik markazi” 1,3 gektar maydonga qiymati 11 milliard soʻmlik Markaz qurilishi qadimiy Shahrixon meʼmorchilik anʼanalari asosida zamon talablariga mos holda qurilgan.

    U yerda pichoqchilik, kulolchilik va milliy kiyim, kosibchilik, doʻppidoʻzlik, choʻpon tikish, yogʻoch oʻymakorligi yoʻnalishlarida ish olib boriladi. Undan tashqari 34 ta hunarmandchilik ustaxonasi hamda 250 ta savdo rastalari tashkil etilgan boʻlib, 320 ta ish oʻrni yaratilgan.

    Shuningdek, hunarmandchilik markazida doʻppidoʻzlik muzeyi ham tashkil etilgan, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi matbuot xizmati.