Bu tadbir Oʻzbekistonda insult kasalligini erta aniqlash, samarali davolash va shifokorlarning malakasini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Andijon shahridagi Markaziy klinik shifoxonada insultni erta aniqlash va samarali davolash boʻyicha xalqaro amaliyotlarga asoslangan maxsus trening oʻtkaziladi. Ushbu tadbir Yevropa Insult Tashkiloti (ESO)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha dasturi – ESO EAST va Angels Initiative tashabbuslari doirasida tashkil etiladi. Unda Oʻzbekistondagi milliy koordinator, tibbiyot fanlari doktori, professor Yakutxon Majidova va Markaziy Osiyo boʻyicha xalqaro koordinator, doktor Lev Pristupyuk ishtirok etadi. Ular Andijon shahridagi shoshilinch tibbiy yordam nevropatologiya va reanimatsiya brigadalarida faoliyat yurituvchi shifokor va feldsherlar uchun master-klasslar oʻtkazadi.

Nevrologiya va reanimatsiya boʻlimlari shifokorlari uchun treningda insult tashxisi va davolashning xalqaro mezonlari, jumladan, “oʻtkir insultda yoʻl xaritasi” har bir bosqichi batafsil muhokama qilinadi.

Treningning asosiy mavzusi — NIHSS (National Institutes of Health Stroke Scale) — insult ogʻirligini baholashda xalqaro qoʻllaniladigan shkalani amaliyotga tatbiq qilish, undagi har bir bandni toʻgʻri baholashni oʻrgatishdan iborat. Shuningdek, “Insult uchun Dorojnaya karta”ning Oʻzbekiston sharoitidagi bosqichma-bosqich amaliyoti tahlil qilinadi.

Mashgʻulotlar davomida:

  • koma holatidagi bemorda NIHSS baholashning oʻziga xosliklari;
  • Barre sinovi, atrof muhitni anglash, nutq, harakat va his qilish qobiliyatlarini baholash;
  • lob simptomatikalari, sopor va koma orasidagi farqlar;
  • ishemik insultning TOAST tasnifi va MRT/KTdagi ilk belgilari muhokama etiladi.

Shu bilan birga, gipertoniya xuruji paytida qanday dori vositalarini qoʻllash, TIA (oʻtib ketuvchi ishemik xuruj) holatlarini qanday baholash, ularni ham neyrovizualizatsiyaga yoʻnaltirish zarurligi haqida alohida maʼlumotlar beriladi.

Bundan tashqari, 2025 y 1-avgust kuni Andijon davlat tibbiyot institutida ham ushbu mavzuda yana bir trening oʻtkaziladi. Unda reanimatolog va nevropatologlar ishtirokida klinik holatlar tahlili olib boriladi.

Andijon tibbiyot institutida oʻtadigan amaliy mashgʻulotlarda shifokorlar va feldsherlar real klinik holatlar ustida ish olib boradi. Bu ularning kasbiy mahoratlarini mustahkamlashga katta hissa qoʻshadi.

Trening doirasida RES-Q Stroke Care Quality Registry maʼlumotlari bilan ham tanishiladi. Bu maʼlumotlar mamlakatimizda insult bilan bogʻliq tibbiy xizmatlar sifatini baholash va yaxshilashga yordam beradi.

Maʼlumot uchun: professor Yaqutxon Nabiyeva 2017-yildan buyon Yevropadagi insultga qarshi kurashish tashabbusining milliy koordinatori hisoblanadi. Uning tashabbuslari asosida koʻplab yosh mutaxassislar tayyorlangan, hamshiralar va uy sharoitida parvarish koʻrsatuvchi mutaxassislar uchun ham maxsus oʻquvlar tashkil qilingan.

Gulchehra Mirzayeva,

Toshkent davlat tibbiyot universiteti matbuot kotibi