Andijonda masjidlardan olingan ortiqcha toʻlov qaytarildi

    Mamlakatimizda 7 May 2022 1453

    Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi axborot xizmatining xabariga koʻra, Qoʻmitaning Andijon viloyati hududiy boshqarmasi “Andijon HETK” AJ tomonidan viloyatdagi masjidlarga 2019-2021-yillarda elektr energiyasi uchun belgilangan tariflar notoʻgʻri qoʻllanilganini aniqladi.

    Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-avgustdagi “Din sohasidagi maʼnaviy-maʼrifiy, taʼlim ishlari va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy koʻmak va imtiyozlar berish toʻgʻrisida”gi 364-son qarori va 2003-yil 10-sentyabrdagi 525-F-sonli Farmoyishida Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi diniy tashkilotlarga 2003-yilning 1-sentyabridan boshlab ularga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi, elektr energiyasi, telefon, oqova suv va maishiy chiqindilarni tashish)ga toʻlovlarni aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha toʻlanishi qayd etilgan.

    Shunga qaramay, oʻrganish davomida “Andijon HETK” AJ tomonidan 2019-2021-yillarda viloyatdagi 44 ta diniy tashkilotlarga, shu jumladan masjidlarga aholi uchun belgilangan narx (295 soʻm) qoʻllanilmay, ulgurji isteʼmolchilar uchun belgilangan narx (450 soʻm) qoʻllanilgani aniqlangan. Buning natijasida masjidlardan jami 74 378,9 ming soʻm ortiqcha daromad olinganligi aniqlangan.

    Bugungi kunda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Andijon HETK” AJning notoʻgʻri hisoblagan 74 378,9 ming soʻm mablagʻlar masjidlarga qayta hisob-kitob qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Bunday holatlarni oldini olish maqsadida bugungi kunda Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari tomonidan oʻz hududlarida oʻrganishlar olib borilmoqda.