Andijonda ota aliment oʻrniga ikki xonali xonadon berdi

    Ijtimoiy hayot 22 May 2025 1181

    Fuqarolik ishlari boʻyicha Boʻston tumanlararo sudining 15.04.2025-yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor D.M.dan undiruvchi N.M. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment undirish belgilangan.

    Qayd etilishicha, mazkur ijro hujjati boʻyicha ijro harakatlari Byuroning Ulugʻnor tuman boʻlimi tomonidan amalga oshirilgan. Sud hujjati ijrosini taʼminlash maqsadida qarzdordan aliment toʻlovlari belgilangan tartibda undirib kelingan.

    Ijro jarayonlari davomida qarzdor D.M. undiruvchi N.M. bilan oʻzaro kelishuvga kelib, farzandlarining kelajagi va barqaror ijtimoiy sharoiti uchun aliment toʻlovlari oʻrnini turar joy bilan qoplashni taklif qildi.

    Mazkur kelishuv natijasida qarzdor shaxs Obod mahallasida joylashgan ikki xonali xonadonni undiruvchi nomiga rasmiylashtirib berdi. Bunda, aliment toʻlovlari voyaga yetgunga qadar toʻlanishi lozim boʻlgan miqdor hisobga olingan va tomonlar oʻzaro rozilik bildirgan.

    Shu tariqa, ijro ishi yakunlangan holda, aliment majburiyati qarzdor tomonidan koʻchmas mulk shaklida toʻliq qoplandi.