Aholiga qulaylik yaratish, davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini yana-da yaxshilash maqsadida tuman hokimligi tomonidan bir necha yillardan buyon foydalanilmasdan, nurab yotgan bino oʻrnida butunlay yangicha qiyofadagi markaz binosi qad rostladi.
27-mart kuni Oltinkoʻl tuman Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Unda viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Otabek Tursunov hamda Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Mahmudjon Abdijaliyevlar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olganlar soʻnggi yillarda aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi isloh qilinib, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etib, ushbu Markaz oltinkoʻlliklarning faqat yaxshi kuni uchun xizmat qilib qolishini tiladilar.
Oʻziga xos, zamonaviy koʻrinishga, barcha sharoitlarga ega Markaz zarur texnik jihoz va vositalar bilan taʼminlangan boʻlib, bu yerda jismoniy va yuridik shaxslarga 160 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatiladi. Markazda bir vaqtning oʻzida 20 nafar, bir kunda 400 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud. Zamonaviy tarzda jixozlangan keng va yorugʻ xonalar, kutish zallari, bolalar maydonchasi, investorlar xonasi mijozlarning xizmatlar bilan bogʻliq har qanday ogʻirini yengil qiladi.
Markazda elektron navbat tizimi joriy etildi. Tashrif buyuruvchilar elektron galagramma orqali markaz faoliyati haqida zarur barcha maʼlumotlarni olishlari mumkin. Mavjud monitorlar orqali esa davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari toʻgʻrisidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi.
Shuningdek, qulay kutish zali, xorijiy va mahalliy investorlar uchun alohida xonalar, kutubxona, sport va bolalar uchun ajratilgan maydonchalarning mavjudligi Markazga keluvchilarning vaqtini mazmunli oʻtishiga xizmat qiladi.
Binoga Davlat xizmatlari markazidan tashqari tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi, Bosh vazir qabulxonasi, adliya boʻlimi va notarial idoralarning joylashtirilganligi ham bu yerga keluvchi fuqarolar uchun qulayliklarni yaratishi shubhasiz.
Ochilish marosimidan soʻng yigʻilganlar markazda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.