Ijtimoiy tarmoqlarda "Andijon shahrida noma'lum odamni yongan jasadi topilganligi" haqida xabar tarqalgan edi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.

Aniqlanishicha, Hindiston fuqarosi o'zidan 16 yosh kichkina talaba qizga turmush qurish taklifini bergan. Rad javobini olgach, o'zini yoqib yuborgan.

Tafsilotlarga ko'ra, joriy yilning 9-may kuni Hindistondan O'zbekistonga kelgan fuqaro (1986-yilda tug'ilgan erkak) Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan 2002-yilda Hindistonda tug'ilgan talaba qizni oldiga kelib, unga turmush qurish istagida kelganligini bildirgan va institut yaqinidagi mehmonxonada yashab kelgan.

Qizdan rad javobini olganidan so'ng uning ruhiyatida o'zgarish bo'lib, hindistonlik boshqa talabalarga endi hayotning qizig'i yo'qligi, o'z joniga qasd qilishi haqida aytib kelgan. Oqibatda "Zahiriddin Muhammad Bobur" nomidagi istirohat bog'i hududiga kiruvchi adirlikda noma'lum suyuqliq yordamida o'zini yoqib, voqea joyida vafot etgan.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki ma'lumotlariga ko'ra, marhumning tanasi va ichki a'zolarida biror bir ko'rinishdagi tan jarohatlari aniqlanmagan. Hozirda sud-tibbiy, sud-kimyoviy va sud-biologik ekspertizalari tayinlangan.

Mazkur holat bo'yicha JKning 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.