Andijonda shifokor kaltaklandi

    Asaka tumanida 1993 yilda tug‘ilgan shifokorga bemorning turmush o‘rtog‘i (shaʼriy nikohdagi) va uning 3 hamrohi tomonidan og‘ir darajada jarohat yetkazilgan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Asaka tumanida shifokor kaltaklangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy maʼlumot berdi.

    Joriy yil 23-apreldan 24-aprelga o‘tar kechasi Asaka tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam qabulxonasiga tez tibbiy yordam mashinasida hushsiz holdagi ayol olib kelingan. Bemorga tibbiyot xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda yordam ko‘rsatilgan. Bu jarayonda esa kelishmovchilik kelib chiqqan, janjal ko‘tarilgan.

    Ertasi kuni mojaro yana davom etgan. Oqibatda shifokor bemorning turmush o‘rtog‘i va uning hamrohlari tomonidan kaltaklanib, og‘ir jarohat yetkazilgan.

    Bosh miya og‘ir jarohati, chayqalishi, chap quloq ezilgan-kesilgan jarohati tashxislari qo‘yilgan. Ayni paytda shifokor tibbiyot muassasasida davolanmoqda.

    Holat huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan nazoratga olingan.