Andijonda suyultirilgan gaz mahsuloti noqonuniy saqlanayotgan “bunker“ faoliyatiga chek qoʻyildi

    “Hududgaz Andijon“ gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, gaz taʼminoti boʻlimi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va huquq-tartibot organlari xodimlari bilan hamkorlikda Andijon viloyatining Izboskan tumanida suyultirilgan gaz taʼminotidagi qonunbuzilish holatlarini aniqlash boʻyicha oʻrganish oʻtkazildi.

    Oʻrganishlar natijasida tumanning Poytugʻ shaharchasi “Markaz” MFYda yashovchi fuqaro Y. X. xonadonida 79 dona (33 dona suyultirilgan gaz toʻldirilgan, 46 dona boʻsh) maishiy gaz ballonlarini texnika va yongʻin xavfsizligi qoidalariga zid ravishda noqonuniy saqlab kelayotgani aniqlandi.

    Shuningdek, xonadonda 3 dona tarozi va gazni avtomobillarga oʻtkazishga moslashtirilgan 6 dona rezina shlanglar borligi maʼlum boʻldi.

    Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.