Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 4-fevral kuni tadbirkor Ichki ishlar boʻlimiga murojaat qilib, besh nafar shaxsdan iborat uyushgan guruh 1500 AQSH dollari evaziga uni qasddan oʻldirish uchun yollanma qotil bilan kelishganini bildirgan.

Tezkor tadbirlar davomida 1984-yilda tugʻilgan, “Ronaldo” laqabli, muqaddam Jinoyat kodeksining 8 ta moddasi bilan sudlangan guruh yetakchisi yollanma ijrochiga 1500 dollar berishga kelishib, dastlabki 300 ming soʻmni topshirayotgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, tezkor tadbirlar natijasida muqaddam sudlangan “Glavrach” laqabli (1984-yilda tugʻilgan), viloyatning Paxtaobod tumani Tibbiyot birlashmasi boshligʻi, “Boksyor” laqabli (1984-yilda tugʻilgan) shaxs hamda 2003-yilda tugʻilgan Tibbiyot instituti talabasi ham qoʻlga olingan.

Holat yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan tergov harakatlari olib borilmoqda.