Andijon shahrida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida oʻz uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan, 1987-yilda tugʻilgan fuqaro qoʻlga olindi.

Tekshiruvlar paytida uning yashash xonadonidan “gashish”, kristal koʻrinishidagi sintetik modda, “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari, giyohvandlik tayyorlashda ishlatiladigan xom-ashyolar, maxsus idishlar, zip-paketlar, 4 ta telefon va 1 ta noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi.

Noutbukni koʻzdan kechirish jarayonida mijozlarga sintetik giyohvand moddalarni sotish va lokatsiya tashlab berishda foydalanilgan 3 ta Telegram-bot, shuningdek, uy sharoitida narkolaboratoriya tashkil qilishga oid video va slayd koʻrinishidagi qoʻllanmalar mavjudligi aniqlandi.

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilgan.

Tergov harakatlari doirasida uning jinoiy aloqalarini aniqlash boʻyicha ishlar davom etmoqda.