Andijonda yangi institut tashkil etildi

    Ta'lim 27 Avgust 2020 5151

    Hukumatning “Andijon iqtisodiyot va qurilish institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi (516-son, 26.08.2020 y).

    Qaror bilan Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti tashkil etildi.

    Institutning asosiy vazifalaridan biri iqtisodiyot va qurilish sohasi boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan, raqobatbardosh oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hisoblanadi.

    Institutda taʼlim faoliyati 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi.

    2020/2021 oʻquv yili uchun institutga kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha qabul parametrlari Oʻzbekiston taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi qaroriga asosan belgilanadi.

    Andijon viloyati, Andijon shahar, Navoiy shoh koʻchasi, 15a-uyda joylashgan Andijon xizmat koʻrsatish va servis texnikumi bino va inshootlari Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida berildi.

    Shuningdek, qarorda kelgusida Institutda talabalar soni oshishini inobatga olib, 2022-yilga va kelgusi yillarga moʻljallangan investitsiya dasturlariga 1200 oʻrinli oʻquv binosi va 400 oʻrinli talabalar turar joyini qurish loyihalarini kiritish nazarda tutilgan.