Shu maqsadda, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan respublika boʻylab jami 250 ta umumiy quvvati 125 MVt, oʻrtacha yillik ishlab chiqarishi 675 mln.kVt.soat boʻlgan mikro GES loyihalarining manzilli roʻyxati shakllantirildi.

Kuni kecha ana shu manzilli roʻyxati shakllantirilgan Andijon tumanining Zavroq mahallasi kanalining birinchi piketida quvvati 200 kVt, yillik ishlab chiqarish quvvati 1,2 mln.kVt.soat boʻlgan Zavroq mikro GES ishga tushirildi. Ushbu loyihani ishga tushirish orqali, kelgusida Andijon tumanining 300 ta xonadonini yoki 1 200 nafar aholisini ekologik toza elektr energiya manbai bilan taʼminlash imkonini beradi.

Umumiy qiymati 3,4 mlrd.soʻm boʻlgan mazkur loyihaning oʻzini iqtisodiy jihatdan qoplash muddati 4,4 yilni tashkil etadi.

Shuningdek, Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani Ulugʻnor kanalining sakson beshinchi piketida yangi charxpalak tipidagi mikro GESi ham yangi quvvatda ishga tushirildi. Quvvati 50 kVt, yillik ishlab chiqarish quvvati 360 ming. kVt.soatni tashkil etgan mazkur mikro GES 150 ta xonadonni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatiga ega.

Ahamiyatli jihati, loyiha doirasidagi loyihalashtirish, qurilish hamda uskunalarni oʻrnatish ishlari nisbatan qisqa vaqt oraligʻida, yaʼni, 2 oyda amalga oshirilishiga muvaffaq boʻlindi.

Eʼtiborlisi, mazkur loyihaning hujjatlari “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi “Gidroproyekt” AJ tomonidan 10 kun muddatda ishlab chiqilgan boʻlsa, loyiha agregatlari “Suvsanoatmash” AJ ishlab chiqarish negizida, sanoat kooperatsiyasi asosida Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda qisqa 1 oylik fursatda ishlab chiqarilib, loyiha maydoniga yetkazib berildi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, birgina Andijon viloyatida aniqlangan dastlabki roʻyxatga koʻra umumiy quvvati 19 MVt jami 52 ta mikro GESlarni qurish rejalashtirilgan. Shundan, joriy yilda umumiy quvvati 2 130 kVtli 7 ta qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, suv bosimida ishlovchi 3 ta mikro GES, 2 ta suv yuzida suzib turuvchi kinetik gidroagregat hamda 2 ta charxpalak turidagi loyihaning ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.

Eng muhimi, mazkur loyihalarni amalga oshirish hisobiga mahalliy hududda uzluksiz elektr energiyasi taʼminotiga ega boʻlish bilan bir qatorda, doimiy asosda 40 taga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Qurilish-montaj ishlari tender savdolari orqali aniqlangan mahalliy pudrat tashkiloti tomonidan 45 kunda amalga oshirildi.

Bundan tashqari, 2023-2024-yillarda Andijon viloyatida quvvati 6,9 MVt, oʻrtacha yillik energiya ishlab chiqarishi quvvati 33,0 mln.kVt.soatga teng “Janubiy Fargʻona kanalida JFK-3 GES qurilishi” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu loyihani ishga tushirish orqali, kelgusida Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi 14 ming xonadonni ekologik toza energiya manbai bilan taʼminlash imkonini beradi.

Shuningdek, hududlarda “Oʻzbekgidroenergo” AJ va Hindistonning “MAKLEK” kompaniyasi oʻrtasida suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali innovatsion gidroagregatlarni Oʻzbekistonda “Made in Uzbekistan” brendi ostida ishlab chiqarish hamda amaliyotga keng tatbiq etish moʻljallangan. Mazkur innovatsion gidroagregatlar ham respublikada birinchi boʻlib aynan Andijon viloyatining Xonobod shahri Shahrixonsoyda 2023-yilning iyul oyida joriy etilib, jami quvvati 800 kVt boʻlgan 2 ta agregat oʻrnatiladi.