Xitoyning “Faw Trucks” kompaniyasi Andijon viloyatida yuk avtomobillari ishlab chiqaradi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya rahbariyati vakillaridan iborat delegatsiya viloyatga tashrifi doirasida viloyat hokimligi rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.
Loyihaning umumiy qiymati $100 mlnni tashkil etib, uning doirasida yiliga 10 ming dona yuk tashuvchi avtomobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar muloqot davomida yangi zavod qurilishi ishlarini joriy yilning noyabr oyidan boshlashga kelishib olishdi.
Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari Andijondagi “Ipak yoʻli” erkin iqtisodiy sanoat zonasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Ularga “NAWAS” brendi ostida havo tozalash uskunalari, konditsionerlar ishlab chiqarish loyihasining qurilish ishlari haqida maʼlumot berildi.