Ijtimoiy tarmoqlarda 29-noyabr kuni soat 20:05da Andijon viloyatidagi 3-Tergov hibsxonasida xodimlar mahbus O.Gʻulomovani 1 oylik chaqalogʻi bilan urib, tepib, turli xil uyatli soʻzlar bilan haqorat qilayotganlari haqida xabar eʼlon qilindi.
Taʼkidlanishicha, 30-noyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili mazkur holatni jamoatchilik vakillari bilan birgalikda 3-son Tergov hibsxonasida oʻrgangan.
Mahbus O.Gʻulomova bilan suhbat davomida u ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan xabarni tasdiqlab, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) nomiga shikoyat yozdi. Faqatgina, O.Gʻulomova farzandi olib qoʻyilganini va oʻzi tinchlantirish xonasiga joylashtirilganini tasdiqlamadi. Farzandi doim oʻzi bilan birga boʻlgan va tinchlantirish xonasiga joylashtirilmagan.
Shuningdek, holatga aniqlik kiritish maqsadida O.Gʻulomova bilan bir kamerada saqlanayotgan 3 nafar shaxs bilan ham suhbat oʻtkazilib, ulardan ham holat yuzasidan tushuntirishlar olindi.
Shu kuni holat yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi oʻtkazilib, ekspertiza natijasiga koʻra, O.Gʻulomovaning badanida tan jarohatlari aniqlanmadi.
Toʻplangan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqishlik uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Qayd etish lozimki, monitoring oʻtkazilgan kunda ona va bolaning sogʻligʻi yaxshi ekani aniqlandi.
Shuningdek, oʻrganish davomida hibsxonadagi kameralarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi tekshirildi. O.Gʻulomova saqlanayotgan va boshqa kameralardagi harorat belgilangan meʼyorlarga muvofiqligi aniqlandi.