Andijondagi “samosud”chilarning ozodligi 3-yil muddatga cheklandi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Asaka tumanida sodir boʻlgan janjal va ikki nafar yigitning kaltaklangani aks etgan video tasvirlar tarqaldi.

    Mazkur holat Andijon viloyati IIB tomonidan oʻrganildi.

    Aniqlanishicha, shu yilning 8-iyun kuni tonggi soat 4:30 larda mazkur tumanda yashovchi X.J. sheriklari – S.M. va O.M. bilan birga oʻzaro kelishmovchilik sababli X.D.ni kaltaklab, unga yengil tan jarohati, fuqaro R.B.ga esa oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazgan.
    Ushbu holat yuzasidan shu kunning oʻzida fuqarolar X.J, S.M. va O.M.larga nisbatan JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayblanuvchilarga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari tamomlanib, 2025-yil 8-iyul kuni ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Asaka tumani sudi tomonidan 2025-yil 27-avgust kuni sudlanuvchilar X.J., S.M.va O.M.larning har biriga nisbatan 3-yil muddatdan ozodlikni cheklash jazolari tayinlandi.