Andijondagi xirmonda paxta yonib ketdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi paxta qabul qilish maskanlaridan birida yong‘in chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

    Ma’lum qilinishicha, 16-oktabr kuni Baliqchi tumani “Nasriddinobod” MFYda joylashgan “Tetratex” MCHJga qarashli paxta qabul qilish maskanida 12 kilogramm paxta xom ashyosi yonib ketgan.

    “Yong‘in elektr kabellaridagi nosozlik tufayli qisqa tutashuv kelib chiqishi natijasida yuzaga kelgan”, deyiladi munosabatda.

    Yong‘in natijasida “Andijon-36” navli 1-sort 2-sinfga kiruvchi paxtaning yuza qismi yongan, MCHJ rahbari tomonidan tadbirkorga mahsulotga yetkazilgan zarar aniqlanib, to‘liq qoplab berilgan.