“Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonini keng targʻib etish maqsadida sirdaryolik Eldorbek Joʻrayev hamda Toʻlqin Usmonov shu yil 15-fevraldan boshlab Andijon viloyatidan Moʻynoqqacha piyoda yoʻlga chiqishgan edi.
Shu kungacha ular Andijon, Fargʻona, Namangan, Toshkent viloyatlari, Toshkent shahri hamda Sirdaryo viloyatini piyoda bosib oʻtishgan holda bugun kunning ikkinchi yarmida Jizzax shahriga yetib borishi kutilmoqda.
Sportchi yigitlarni Jizzax viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi xodimlari hamda keng jamoatchilik iliq qarshi olishdi. Hattoki yoʻldan oʻtib ketayotgan yoʻlovchilar ham ular bilan koʻrishib, jasoratiga yuksak baho berib, maqsadi sari intilishlarida omad tilayotgani diqqatga sazovor.
Eʼtiborlisi, joylarda mahalliy aholi vakillari hamda yoshlar ham ularga qoʻshilishmoqda. Bundan koʻrinib turibdiki, yurtdoshlarimiz bu tashabbuskor yigitlarga befarq emaslar va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashmoqda.