Andijonga Xitoydan 100 ta elektrobus xarid qilinadi

    Andijon shahriga Xitoydan 100 ta elektrobus xarid qilinishi rejalashtirilgan.

    Bu haqda Transport vazirligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Andijon viloyatidagi yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalar aholiga qulay va sifatli transport xizmatlari koʻrsatishni tashkil etish maqsadida avtobuslar tarkibini yangilashga eʼtibor qaratmoqda.

    Harakat tarkibini yangi zamonaviy avtobus va elektrobuslar bilan toʻldirish, shuningdek, Andijon shahrida brutto-shartnoma tizimini toʻliq ishga tushirish maqsadida 100 ta elektrobus xarid qilinishi rejalashtirilgan.

    Shu munosabat bilan Andijon viloyati hokimligi, Andijon viloyati transport boshqarmasi, “Oʻzmilliybank” AJ hamda salohiyatli tadbirkorlardan iborat delegatsiya ayni paytda Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turibdi.

    Delegatsiya aʼzolari Lanzhou Guangtong Nev Energy Automobile Co., Ltd va Guangtong kompaniyasi tomonidan elektrobuslarni ishlab chiqarish jarayoni, yetkazib berish xizmati va boshqa mavzularda muzokaralar oʻtkazib shartnomalar imzolash boʻyicha amaliy ishlarni olib bormoqda.