Andishaning otini qoʻrqoq qoʻyish toʻgʻrimi?

    Ijtimoiy hayot 13 May 2022 1607

    Ayni kunda ishidan mosuvo boʻlgan xodimning ahvolini faqat uning taqdirdoshi, yaʼni ish oʻrni qisqargan odam tushunishi mumkin. Bu borada haq-huquqini bilgan inson borki, huquqni himoya qiluvchi idoralarga murojaat qilishi tayin. Ammo shunday fuqarolar borki, andishaga borib ishdan ketish chogʻida beriladigan nafaqalarga ham koʻz tikmaydi. Aslida esa bu notoʻgʻri va qonunga ziddir.

    Xatirchi tuman adliya boʻlimi tomonidan hududda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablariga rioya etilishi ahvoli oʻrganildi. Xullas, qaror talablariga asosan Xatirchi tumanidagi 68 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari qisqartirilgan.

    Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan xodimlarga belgilangan tartibda ogohlantirish xatlari berilib, bu muddat pullik kompensatsiyaga almashtirilgan. Biroq mahalla raisi oʻrinbosarlarining 38 nafar xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari Mehnat kodeksi 100-moddasi 2-qismi 1-bandiga asosan ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilingan. Muammo shundaki, tashkilot tomonidan xodimlarga ishdan boʻshatish nafaqalari toʻlab berilmagan. Bu nafaqa miqdori 92 million soʻmdan ortiq mablagʻdir.

    Xatirchi tuman adliya boʻlimi tomonidan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi rahbari nomiga kiritilgan taqdimnomaga asosan ish beruvchining tashabbusiga koʻra, mehnat shartnomalari bekor qilingan 38 nafar xodimga jami 92 mln 108 ming 732 soʻmlik ishdan boʻshatish nafaqalari toʻlab berildi. Roʻzgʻori uchun oylik daromad manbaidan ajralgan sobiq mahalla raisi oʻrinbosarlarining shundogʻam ishsiz qolgani achinarlidir. Adliya idorasi tashabbus koʻrsatmaganida 38 nafar xodim nafaqa toʻlovlariga haqqi borligini bilmasmidi? Shu oʻrinda mehnat munosabatlarida haq-huquqni bilish muhim va foydali deb hisoblaymiz.

    Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi

    Matbuot xizmati