Angliya banki qanday qilib inflyatsiyani ikki barobar pasaytirishga erishdi?

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari Angliya banki inflyatsiyani qanday qilib ikki barobar pasaytirishga erishganini oʻrganib chiqdi.

    Buyuk Britaniyada inflyatsiyaning 2,3 barobar sekinlashishida 3 ta asosiy omil muhim rol oʻynadi:

    1. Angliya bankining pul-kredit siyosati samaradorligi;
    2. Energiya regulyatorining energiya narxlari boʻyicha siyosati hamda manzilli subsidiya tizimi;
    3. Jahonda energiya va oziq-ovqat narxlarining barqarorlashishi.

    2023-yilning noyabr oyida Buyuk Britaniyada yillik inflyatsiya darajasi 4,6 foizgacha pasaydi. Bu esa soʻnggi ikki yil ichidagi eng past koʻrsatkich hisoblanadi. 2022-yilning mos davrida inflyatsiya darajasi 10,5 foizni tashkil qilgandi.

    2023-yil davomida Angliya banki iqtisodiyotda talabni sovitish va narxlar oshishini sekinlashtirish maqsadida asosiy stavkasini ketma-ket 5-marta koʻtardi. 2023-yilning fevral oyida asosiy stavka 3,5 foizdan 4,0 foizga oshirilgan boʻlsa, mart oyida 4,25 foizga, may oyida 4,5 foizga, iyun oyida 5 foizga va avgust oyida 5,25 foizgacha koʻtarildi.

    Hozirga qadar asosiy stavka 5,25 foiz darajasida saqlanib turibdi. Bu esa soʻnggi 15-yil davomidagi eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Asosiy stavkaning koʻtarilishi natijasida moliya bozorlarida foiz stavkalarining koʻtarilishi moliyaviy vositalardan (masalan, depozitlar) keladigan daromadlarning oshishiga olib keldi va odamlarni sarflash oʻrniga koʻproq jamgʻarishga undadi. Bu esa tovarlar va xizmatlarga boʻlgan talabni kamaytirdi.

    Isteʼmol va ipoteka kreditlari boʻyicha yuqori foiz stavkasi odamlar va kompaniyalar kamroq qarz olishi va xarajatlar ehtimolini kamaytirdi va natijada iqtisodiy faoliyatning sekinlashishi talab inflyatsiyasini kamaytirdi.

    Foiz stavkasining koʻtarilishi hamda talabning kamayishi importga boʻlgan bosimni kamaytirib, valyuta kursining mustahkamlanishiga olib keldi. Bu esa oʻz navbatida import qilinadigan tovarlar va xizmatlar narxini pasaytirib, inflyatsiyaning ham pasayishiga xizmat qildi.

    Gaz va elektr energiyasi bozori boʻyicha boshqarma (The Office of Gas and Electricity Markets - Ofgam) energiya yetkazib beruvchilar tomonidan har bir gaz va elektr energiyasi birligidan undiriladigan maksimal miqdorni chekladi. Bu esa energiya bozoridagi oʻzgarishlarni aks ettirishi uchun chegarani har chorakda qayta koʻrib chiqishni taqazo etadi. Chegara global energiya bozoridagi oʻzgarishlarga qarab koʻtarilishi yoki pasaytirilishi mumkin.

    Ofgam tomonidan energiyaga qoʻyilgan narx chegarasi 2022-yilning fevral oyidan boshlab keyingi davr uchun 1877 funt sterlingga (54 foizga) oshdi. 2022-yilning 4-choragida energiya narxlari keskin darajada oshganligi sababli ushbu koʻrsatkich 3371 funt sterlinggacha (80 foizga) koʻtarildi.

    Shuningdek, 2022-yilning oktyabr oyidan 2023-yilning mart oyigacha boʻlgan davrda Energiya toʻlovlarini qoʻllab-quvvatlash tizimi (Energy Bill Support Scheme) doirasida uy-xoʻjaliklariga energiya xarajatlarining maʼlum qismini qoplash uchun manzilli ravishda 400 funt sterling miqdorida mablagʻ ajratildi.

    Inflyatsiya darajasini pasaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish uchun tegishli choralarning koʻrilishi natijasida 2023-yilining oxirlariga kelib inflyatsiya darajasi ikki barobardan koʻproqqa pasaydi.