“Angren” erkin iqtisodiy zonasida temir yoʻl qurilishi uchun yer ajratildi

    Viloyat hokimining tegishli qarori bilan Ohangaron tumani qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan 2,7 gektar yer maydoni temir yoʻl qurilishi uchun ajratildi.

    Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, “Angren” EIZ hududi “Ohangaron” bloki, Ohangaron tumani “Tut” MFY sanoat zonasini muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilyapti.

    Zonada joylashgan umumiy 22 gektar yer maydoni onlayn auksion savdosi orqali investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun bir qator korxonalarga uzoq muddatga ijaraga berildi.

    Mazkur loyihalarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish, shuningdek, xom-ashyo va tayyor mahsulotlarni eksportga yuborishda sharoit yaratish maqsadida korxonalar joylashgan hududga temir yoʻq tarmogʻi tortish ishlari reja qilingan.

    Maʼlumot oʻrnida, temir yoʻl tarmogʻini qurilishi bilan bogʻliq sarf-xarajatlar investorlarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, — deyiladi xabarda.