“Oʻzbekkoʻmir“ aksiyadorlik jamiyatining xabar berishicha, shu yilning 5-mart kuni soat 10:15 larda “Angren“ koʻmir konida “BelAZ“ rusumli avtoagʻdargich togʻ jinslarini toʻkish vaqtida orqaga sirpanib, agʻdarilib ketgan va alangalanish roʻy bergan.
“Oʻzbekkoʻmir“ aksiyadorlik jamiyati oʻt oʻchiruvchilari voqea joyiga tezlik bilan yetib borgan va yongʻin toʻliq oʻchirilgan.
Hodisa oqibatida ogʻir tan jarohati olgan avtoagʻdargich haydovchisi A.Axmedjanovga korxona tibbiy boʻlim xodimlari tomonidan birinchi yordam berilgan va shoshilinch ravishda shahar markaziy shifoxonasiga yetkazilgan. Ammo koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramay, haydovchi kasalxonada vafot etgan.
Hozirda koʻmir konida roʻy bergan hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.