“Angren shakar” rahbari: “Shakar qimmatlashishi bizga bogʻliq boʻlmagan holat”

    Mamlakatimizda 16 Iyun 2022 2969

    Soʻnggi kunlarda mamlakatimizda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari qatorida shakar ham sezilarli darajada koʻtarildi? Bu esa bozorlarda, turli savdo nuqtalarida ushbu mahsulotga uzundan-uzun navbatlar hosil boʻlishiga, odamlar orasida turli gap-soʻzlar koʻpayishiga olib keldi.

    Xoʻsh, buning sabablari nimada va hozirgi kunda shakar narxini arzonlashtirish borasida qanday choralar koʻrilmoqda? Ushbu savollarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidani respublikamizdagi yirik shakar ishlab chiqaruvchi subyektlarning biri — “Angren shakar” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga uyushtirilgan press-tur davomida javob olishga harakat qildik.

    — Bu bizga bogʻliq boʻlmagan holat, — deydi jamiyat bosh direktori Rustam Akbarxoʻjayev. — Yaʼni shakar narxining oʻsishiga, birinchi navbatda, mazkur mahsulot va uning xomashyosini Markaziy Osiyo mintaqasiga yetkazib berish boʻyicha transport va logistika bilan bogʻliq muammolar taʼsir koʻrsatdi. Ayni paytda mazkur masalalar hal etilgan.

    Aytish joizki, hozirgi paytda aholining shakarga boʻlgan talabini yanada qondirish maqsadida “Angren shakar” MCHJ bir sutkada 1100 tonna shakar ishlab chiqaryapti. Aslida korxona yiliga 300 ming tonna shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona ortiqcha quvvat bilan ishlayotgani bois, har oyda 30 ming tonnadan ortiq shakar ishlab chiqaryapti. Bu yiliga 360 ming tonna degani. Yaʼni korxona oʻz quvvatidan ham yuqori holatda ishlayapti. Demakki, aholining ortiqcha xavotir olishiga asos yoʻq. “Angren shakar” korxonasi ortiqcha imkoniyatlarni ishga solgan holda, aholini uzluksiz shakar mahsuloti bilan taʼminlayapti. Buning uchun omborlarda xomashyo va tayyor shakar aholiga yetarli darajada.