Angren va Xorazmdagi shakar zavodlarida ommaviy ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi habarlar oʻz tasdigʻini topmadi

    Mamlakatimizda 31 Oktabr 2020 2699

    Ijtimoiy tarmoqlarda Angren va Xorazmdagi shakar zavodlarida ommaviy ravishda xodimlarni ishdan boʻshatilayotganligi toʻgʻrisidagi habarlar tarqaldi.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ushbu holat boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganish davomida “Angren shakar” va “Xorazm shakar” maʼsuliyati cheklangan jamiyatlarida ishchi xodimlar jamiyat tashabbusi bilan ommaviy ravishda ishdan boʻshatilmaganligi, shuningdek, koronavirus pandemiyasi sababli ish faoliyatini vaqtinchalik toʻxtatgani, hozirgi kunda zavodni ishga tushirish choralari koʻrilayotganligi aniqlandi.

    Xususan, “Xorazm shakar” maʼsuliyati cheklangan jamiyatida 1081 nafar ishchi bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirilgan boʻlib, hozirgi kunda 418 nafar ishchi xodimlar korxona oʻz ish faoliyatini qayta tiklagunga qadar taʼmirlash ishlari bilan shugʻullanib kelayotganligi, faqatgina oʻz xoxishiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilishni soʻrab murojaat qilgan xodimlar ishdan boʻshatilganligi maʼlum boʻldi.

    “Angren shakar” maʼsuliyati cheklangan jamiyatida esa hozirgi kunda 550 nafar xodim boʻlib, 2020-yilning iyun oyidan oktyabr oyiga qadar jami 170 nafar xodim bilan taraflarning kelishuviga koʻra mehnat shartnomalari bekor qilingan. Shuningdek, mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bogʻliq barcha harajatlar oʻz vaqtida toʻlab berilgan. Karantin cheklovlari oʻrnatilganligi korxonaning shakar oldi-sotdisiga jiddiy zarar yetkazganligi sababli jamiyat faoliyatini 2020-yil iyun oyida toʻxtatilishi munosabati bilan korxona xodimlarining xohishiga binoan mehnat taʼtillari va oʻz hisobidan taʼtillar berilgan. Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylari uchun esa xodimlarga oʻrtacha oylik ish haqi toʻlab berilgan.

    Mehnat kodeksining 102-moddasida ish beruvchi, kamida 2 oy oldin har bir xodimning kasbi, mutaxassisligi, malakasi va mehnat haqi miqdorini koʻrsatgan holda, boʻlajak ishdan ozod qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mahalliy mehnat organiga ham maʼlum qilishi belgilangan boʻlib, hozirgi kunga qadar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman bandlikka koʻmaklashish markazlariga “Angren shakar” va “Xorazm shakar” maʼsuliyati cheklangan jamiyati ishchilari ommaviy ravishda ishdan boʻshatilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilmagan.

    Oʻrganish natijalariga koʻra, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan holatlarni oldini olish maqsadida “Angren shakar” va “Xorazm shakar” maʼsuliyati cheklangan jamiyati ishchilariga mehnat taʼtillarini va ish haqlarini mehnat qonunchiligiga muvofiq belgilangan tartibda va oʻz vaqtida berish, xodimlarni ishdan boʻshatishda Mehnat kodeksi talablariga qatʼiy rioya qilish boʻyicha yozma koʻrsatmalar berildi.