Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, bu yerda respublikada ilk bor ilgari surilayotgan — aholidan qayta ishlanadigan chiqindilarni xarid qilish tajribasi yoʻlga qoʻyildi.
Maʼlumot oʻrnida: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» farmoniga muvofiq, 2024–2026-yillarda – viloyatdagi chiqindilarni «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan» va «oziq-ovqat» toifalariga saralagan holda yigʻish boʻyicha tajriba oʻtkazilishi hamda ushbu turdagi chiqindilarni yigʻish uchun alohida paketlar aholiga bepul berilishi, shuningdek, koʻp qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindi yigʻish maydonlarida «qayta ishlanadigan» toifaga mansub chiqindi turlari aholidan sotib olinishi belgilangan.
Taʼkidlash joizki, zamonaviy chiqindi yigʻish shoxobchasi qurilishida, asosan, chiqindiga aylangan yuk tashishga moʻljallangan konteynerlar, shisha idishlar kabi foydalanishdan chiqarilgan xomashyolardan foydalanilgan.
Chiqindi yigʻish maydonchasini elektr bilan taʼminlash uchun quyosh panellari oʻrnatilgan. Shoxobchada ishchi-xizmatchi yashashi va ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.