Ijtimoiy tarmoqlarda Angren neftni saqlash omboridan neft mahsulotlari sizib chiqqanligi toʻgʻrisida tarqalgan xabar 2022-yil 11-dekabr kuni Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan joyiga chiqib oʻrganildi. Bu haqda Davlat ekologiya qoʻmitasi maʼlumot berdi.
Oʻrganishlar davomida ushbu voqea 2022-yil 10-dekabr kuni taxminan kech soat 20:10 da roʻy bergani va korxonaning 5000 m3 (metr kub) hajmdagi 20-sonli sigʻim (rezervuar) joʻmragi qattiq sovuq taʼsirida muzlab yorilishi oqibatida 11 500 litr neft mahsuloti (AI-80 benzin) zavod hududidan tashqariga sizib chiqqani maʼlum boʻldi.
Qayd etish lozimki, neft mahsulotlarini saqlash ombori ekologik xavfliligi boʻyicha 1-toifali obyekt hisoblanib, korxonaga berilgan davlat ekologik ekspertiza xulosasiga koʻra neft saqlash sigʻimlari joylashgan hududda avariya holatlarini inobatga olgan holda hovuzlar tashkil etilishi lozim.
Ammo, ushbu korxonada avariya holatlarining oldini olish boʻyicha tashkil etilgan hovuzlar belgilangan talab darajasida emasligi oqibatida neft mahsulotlari mahalliy ariq orqali Dukensoy soyiga qoʻshilib, suv havzasini ifloslantirganligi aniqlandi.
"Hozirda neft bilan ifloslangan suv havzasidan olingan tahlil namunalari laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazilmoqda. Tahlil natijalari asosida tabiatga yetkazilgan zarar summasi hisob-kitob qilinadi.
Davlat inspektorlari tomonidan korxonaga nisbatan tegishli tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi. Ushbu holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berilishini maʼlum qilamiz", deyiladi xabarda.