Aniq taklif va amaliy tashabbuslar

    O'zbekistonning MDHdagi hamkorlari bilan ikki tomonlama savdo hajmi qariyb o'ttiz foizdan ziyod oshdi.

    Keyingi yillarda O'zbekistonning xalqaro tashkilotlar va mintaqamizdagi davlatlar bilan turli sohalarda konstruktiv hamkorligi yanada rivojlanib bormoqda. Mamlakatimiz tashqi siyosati uchun muhim ahamiyatga ega bo'lgan ana shunday xalqaro mintaqaviy integratsion tuzilmalardan biri Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligidir.

    MDH O'zbekiston uchun shunchaki muloqot, fikr almashish va qarashlarni solishtirish maydoni emas, balki ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik qilishning g'oyat muhim instituti hisoblanadi. Hamdo'stlikka a'zo mamlakatlar esa O'zbekistoning doimiy sheriklari, qo'shnilari va do'stlaridir.

    Mamlakatimiz MDH davlatlari bilan qator ustuvor yo'nalishlar, avvalo, savdo, investitsiya, transport, turizm, ta'lim va ilm-fan, shuningdek, xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor. Chunki mazkur sohalar bo'yicha Hamdo'stlikka a'zo davlatlar bilan ikki va ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

    O'zbekiston MDH doirasida o'zaro manfaatlarga va tushunishga asoslangan ko'p qirrali munosabatlar yanada yuksalishiga salmoqli hissa qo'shmoqda. Bunga yorqin misol sifatida O'zbekistonning 2020-yilda MDHning Yoshlar ishlari, Mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish hamda Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo'yicha maslahatlashuv kengashlariga qo'shilganini aytish mumkin.

    Joriy yil 15-oktyabr kuni MDH davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o'tgan yubiley majlisida tashkilot faoliyatining 30 yillik davrida ko'p tomonlama hamkorlikning rivojlanishi va erishilgan yutuqlar yuzasidan fikr almashildi.

    Iqtisodiy, huquqiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi.

    Sammitda O'zbekiston Prezidenti o'tkir, dolzarb va aniq takliflar, amaliy tashabbuslarni ilgari surib, MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlashning muhim yo'nalishlari yuzasidan o'z nuqtai nazarini bayon qildi.

    Hamdo'stlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash g'oyat muhim sanaladi. Pandemiya oqibatlari o'z ta'sirini ko'rsatayotgan bugungi sharoitda savdo-iqtisodiy sheriklikda ijobiy sur'at saqlanib qolmoqda. Jumladan, joriy yil boshida O'zbekistonning MDHdagi hamkorlari bilan ikki tomonlama savdo hajmi qariyb o'ttiz foizdan ziyod oshdi. Qolaversa, tovar ayirboshlash ko'rsatkichlari ham miqdor, ham sifat jihatidan ortib borayotir.

    Sammitda hozirgi kunda Hamdo'stlik makonida erkin savdo hududining istisnolik va cheklovlarsiz, to'laqonli faoliyat yuritishi zarurligi aytilib, bu borada kompleks tahlil asosida birlashma doirasidagi savdo siyosatini yanada liberallashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish taklif etildi.

    Ayniqsa, qo'shma loyihalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va uzoq muddatli biznes loyihalarini amalga oshirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni MDH makonining 2022-yilgi iqtisodiy kun tartibining muhim masalasi sifatida belgilash taklif qilindiki, buni eng to'g'ri va oqilona qaror, deb bilaman.

    Bugungi kunda O'zbekiston tashabbusi bilan hamkorlik bo'yicha tegishli uzoq muddatli dastur tayyorlanayotgani, kelgusi yilda mamlakatimizda Hamdo'stlikda sanoat kooperatsiyasi bo'yicha forum va ko'rgazma o'tkazilishi, shubhasiz, uzoqni o'ylab qo'yilgan muhim qadam bo'ldi.

    Sammitda samarali mintaqalararo va transqit'aviy transport yo'laklari tizimini, jumladan, yuk tashish tariflarini pasaytirish va tartibotlarini soddalashtirish orqali yanada rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratildi. O'zbekiston rahbari mamlakatimiz MDH davlatlari xalqlari farovonligi yo'lidagi konstruktiv muloqotni davom ettirish va yaqindan hamkorlik qilishda qat'iy pozitsiyada ekanini tasdiqladi.

    Hech mubolag'asiz aytish mumkinki, O'zbekiston Prezidentining MDH sammitidagi nutqi ko'plab ezgu maqsadlarni ko'zlagani bilan tarixiy ahamiyatga egadir. Ilgari surilgan tashabbuslarning amaliyotga tatbiq etilishi esa MDH makonida inqirozdan keyingi davrda barqaror rivojlanish uchun a'zo davlatlarning ulkan salohiyatidan to'la foydalanish, sa'y-harakatlarni birlashtirish imkonini beradi.

    Sammit yakunida migratsiya sohalarida hamkorlik to'g'risida bayonotlar, Oliy sudlar vakillarining kengashini tuzish to'g'risida bitim hamda ko'p tomonlama hamkorlikning turli yo'nalishlariga doir boshqa qator muhim hujjatlar qabul qilingani, shubhasiz, O'zbekiston iqtisodiyotining barqaror o'sishi va xalqimiz farovonligini oshirishga yaqindan yordam beradi. O'z navbatida, qabul qilingan qator hujjatlarni amaliyotga tatbiq etish deputatlar zimmamizga ham katta mas'uliyat yuklaydi.

    Faxriddin SAMATOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati