Anklav hudud — Soʻx tumanida DXM filiali ish boshladi

    Mamlakatimizda 7 May 2022 1545

    Fargʻona viloyati Soʻx tumanining markazdan olis, qatnov qiyin boʻlgan hudud “Tul” qishlogʻida davlat xizmatlari markazi ochildi.

    80 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Soʻx tumanini quruqlikdagi orol deyish mumkin. Chunki, hududning toʻrt tarafi qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi chegara hududi bilan tutashib ketgan.

    Baland togʻ yon bagʻrlarida joylashgan 4 ming aholiga ega “Tul” mahalla fuqarolari yigʻini tuman markazidan 25 kilometr uzoqlikda. Bu yerli aholining davlat xizmatlarini olishda birmuncha qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi. Davlat xizmatlari markazi filialining faoliyat boshlashi aholining ogʻirini yengil. Uzogʻini yaqin qildi.

    – Soʻx tumani anklav va togʻli hudud boʻlganligi bois, qishda markazga borish uchun ancha qiyinchiliklar boʻlishi sir emas, — deydi mahalla fuqarolari yigʻini faoli Rustam Tojiyev. – Eʼtiborli jihati shundaki, qishning ayozli, yozning jazirama kunlarida yuzlab chaqirim masofadan keladigan fuqarolar uchun bu filial ayni muddao boʻldi. Endilikda filial nafaqat “Tul” qishlogʻi ahliga, balki jami 12 ming aholiga ega Lanbur, Devayron, Sohibkor, Qalʼacha, Gʻaznov qishloqlari fuqarolariga ham xizmat qiladi.

    Filiallarning yerli aholi taklifi asosidagi belgilangan kun va vaqtda ishlayotgani xalqqa manzur boʻlayotir. Boisi, markazga tushish uchun uzoq yoʻl bosishmaydi, mablagʻ yoʻqotmaydi, vaqt sarflamaydi.

    Ochilish marosimida mahalliy hokimlik mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Elyorjon Eksanov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    jamoatchilik bilan aloqalar

    boʻyicha yetakchi maslahatchisi.