Sogʻliqni saqlash vaziri B. Musayev Rossiya Federatsiyasi Bosh davlat sanitariya vrachi Anna Popova bilan yurtimizda rossiyalik hamkorlar koʻmagida “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish tashkil etilgani, Toshkentda Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti filialini ochish ishlari yakunlanishi va shgu kabi masalalar yuzasidan suhbat oʻtkazdi.
Oʻzaro muloqot chogʻida COVID-19 pandemiyasi paytida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar muvaffaqiyatli sinovdan oʻtganligi taʼkidlanib, ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli rejalar, koronavirusning yangi shtammlarini oʻrganish, jamoaviy immunitetni shakllantirish, bunda vaksinalarning oʻrni va samaradorligiga doir qator masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, OITS va boshqa oʻta xavfli yuqumli kasalliklar boʻyicha tadqiqotlar, ilmiy ishlar olib borish, sanitariya va epidemiologiya sohasida kadrlar tajriba almashuvini yoʻlga qoʻyish, biolaboratoriyalar tashkil etish, tibbiy taʼlim yoʻnalishida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish kabi qator dolzarb vazifalar yuzasidan ham fikr yuritildi.
Rossiya delegatsiyasi aʼzolari tashrif doirasida Zangiotadagi davolash komplekslari va u yerdagi shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.
— Oʻzbekistonga birinchi kelishim, — deydi A. Popova. — Ochigʻi, juda hayratlandim. Ayniqsa, Zangiotadagi unikal davolash komplekslarida yaratilgan sharoitlar eʼtirof etishga arziydi. Xirurgiya, kardiologiya, akusherlik-ginekologiya, pediatriya kabi barcha tibbiy xizmatlarning bir joyda jamlanishi, ayniqsa, koronavirusga chalingan gemodializga muhtoj bemorlarning ham shu yerda davolanishi dunyoning qator davlatlari oʻrgansa boʻladigan ibratli tajribadir.
A. Popova boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari, shuningdek, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi hamda Respublika virusologiya ilmiy tekshirish institutida ham boʻldi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.