Anor Fargʻonaning xorijdagi brendlaridan biriga aylanmoqda

    Bugungi kunda Fargʻona viloyatida jami anor bogʻlari maydoni 2018-yilda 861 gektarni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2021-yilda 30 foizga koʻpayib 1120 gektarga yetdi.

    2022-yilda esa viloyatda anor bogʻlari 190 tadan, ularning umumiy maydoni 2500 gektardan ortdi. Eʼtiborlisi, 155 ta bogʻ va 2100 gektardan ziyod anorzor maydoni Quva tumanida joylashgan.

    2021-yilda 6500 tonnaga yaqin anor 12 ta xorijiy davlatlarga eksport qilindi. Joriy yilda esa Fargʻonada 12 ming tonnadan ziyod anor yigʻishtirib olinishi koʻzda tutilgan boʻlib, ayni kunda eksport jarayonlari avjida. Anor pishib yetilganidan soʻng oʻtgan qisqa davr mobaynida qiymati 1,4 million dollarlik 1,5 ming tonna anor eksportga rasmiylashtirildi.

    Anorlar asosan Rossiya, Koreya, Mongoliya, Qirgʻiziston va Ukrainaga eksport qilinmoqda. Koreya Respublikasiga anorlar aviareys bilan, qolgan davlatlarga esa yuk avtotransport vositalarida eksportga chiqarilmoqda.

    Viloyatimizda anor eksporti bilan hozirda 70 ga yaqin tadbirkorlar faol shugʻullanmoqda.

    Anor yetishtirish nafaqat Quva tumanida, balki Quvasoy shahri, Bogʻdod, Toshloq, Qoʻshtepa, Rishton va Oʻzbekiston tumani kabi boshqa hududlarda ham rivojlanib, yigʻib olinayotgan hosillar xorijda oʻziga xos Fargʻona brendiga aylanmoqda. Eng muhimi, ushbu yoʻnalishda doimiy va mavsumiy yangi ish oʻrinlari koʻpayib, aholi daromad manbalari yaratilmoqda.