Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan yuk avtotransport vositasiga hujjatlarga koʻra, 9 ming dona plastik idishlarga qadoqlangan 18 tonna anor sharbati ortilgan boʻlib, poytaxtimizdagi maʼsuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga yuborilgan.

Ammo bojxona organlari faoliyatiga joriy qilingan “Xavlarni boshqarish” tizimida yuklar “qizil” yoʻlakka yoʻnaltiriladi. 

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar idoralari va chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda ushbu yuk avtotransport vositasi bojxona koʻrigidan oʻtkaziladi. 

Koʻrik davomida shubhaga sabab boʻlgan jihat shunda-ki, ayrim anor sharbati idishlariga “M” harfi belgisi tushirilgan boʻlib, aynan shu idishlardagi sharbatning ranggi ham boshqalaridan biroz farq qilardi.

Qolaversa, aynan shu idishlar ochib koʻrilganida, idish ogʻzidagi himoya qatlamlari ham muqaddam ochilgani shubhalarni yanada orttirdi.

Giyohvandlik vositalarini tezkor aniqlashga xizmat qiluvchi sinama koʻmagida ushbu sharbat tekshirib koʻrilganida, uning tarkibida “Metamfetamin” nomli sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.  

Aynan “M” harfi tushirilgan sharbatlar soni 48 dona boʻlib, idishi bilan hisoblaganda ularning umumiy ogʻirligi 103 kg.ni tashkil qildi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra, metamfetamin moddasi mamlakatimiz hududida muomalasi taqiqlangan narkotik moddalar roʻyxatiga kiritilgan. 

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.