Yurtdoshlarimiz anor mevasini sevib isteʼmol qiladi. Shuning uchun ham xalqimizda bu shifobaxsh mevaga ehtiyoji baland.
Bugungi maqolamizda biz ana shu meva haqida qisqacha toʻxtalamiz. Oʻlkamizda anorning 3 xil turi va 69 dan ziyod navlari hisobga olingan boʻlib, achchiq anorning oʻzi 3 xil navga ega, yaʼni “Asl qayin”, “Past qayin”, “Qizil bosh”laridir. Nordon anorlar ham 3 xil navga ega boʻlib, ular «Asl qubodiyon», “Koʻk teri”, “Aʼlo qayin”dir. Shirin anor ikki xil navga ega, ular “Katta qizgʻish” va “Sariq tun” deb ataladi va ulardan keltirib chiqarilgan “Qora marvarid”, “Oq dona” (tuyatish – Namangan) va boshqalar dasturxonimiz bezagi boʻlib kelmoqda.
Anor koʻchati asosan 4 xil usul bilan koʻpaytiriladi:
Birinchi usul – anor donasidan yetishtiriladi, ammo bu usulda niholning oʻsishi sekin va sertikan boʻlib, mevasi uncha katta boʻlmaydi.
Ikkinchi usul – daraxt tagidan va tanasidan oʻsib chiqqan yovvoyi novdalardan olib koʻpaytiriladi. Bunday koʻchat tez oʻsadi, ammo hosili kam boʻladi.
Uchinchi usul – daraxt shoxlaridan novda kesib olinib ekiladi, bu usuldagi nihol sekin oʻsadi, ammo hosildorligi yuqori boʻladi. Meva qilgan novdalardan olinsa maqsadga muvofiq boʻladi.
Toʻrtinchi usul – anor daraxti novdalaridan biri egilib, yerga koʻmiladi. Bu usul «Palgari», Fargʻona vodiysida “Tizza” deb aytiladi, hamda tez amal olib hosildorligi ham yuqori boʻladi.
Eng maʼqul va yaxshi amal boʻlmish toʻrtinchi usulni bahorda – anor ochilib yer tekislangach, meva qiladigan yoki singan novda daraxt yoniga koʻmiladi.
Ikki yil yildan keyin oʻtkazib, yaxshi ildiz olgan koʻchatlar kovlab olinib, boshqa ochiq joydagi yerga ekiladi. Anor koʻchatining yetishtirish eng oddiy va arzon usuli, bu ildiz bachkilaridan va ulardan chiqqan novdalari bilan qalamcha ekib, koʻchat tayyorlashdir. Qalamcha qilinadigan novdalar kuzda, anor barglari toʻkilib, boʻlgandan keyin kesib olinadi.
Qalamchalar anor hosili terib serhosil tup aniqlangach tayyorlanadi. Ayrim hollarda koʻklamda anor tupi ochilgach, to kurtak chiqarguncha tayyorlasa ham boʻladi. Tayyorlangan qalamchalar 25-30 sm uzunlikda boʻlib 20-30 donadan bogʻlanib, bir necha soatga quyoshga tindirilgan suvga solib qoʻyiladi va oraligʻi 15 sm dan yerga ekiladi.
Yer usti qismi 5 sm.dan ziyod boʻlmasligini eʼtiborga olgan holda ekiladi. Qalamchalar 4-8 haftada ildiz olib kurtak oladi. 2-3 oyda suv bilan birga, suvda yaxshi eruvchi oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, oʻta issiq haroratlardan va suvsizlikdan saqlash choralarini bajarish maqsadga muvofiq boʻladi.
Ob-havo va tuproq sharoitiga qarab oʻsish davrida 10-15-marta sugʻoriladi.
Anor shoxlarini parvarishlashda u sekin oʻsuvchi, tez sinuvchi va nozik boʻlib, balandligini 3-3,5 metrdan oshirmaslik maqsadga muvofiq boʻladi.
Shifobaxsh, ehtiyoji baland eksportbop, issiqsevar anor mahsulotiga boʻlgan talabning kattaligi tuproq deyarli tanlamasligi bu oʻsimlikning hammabopligini taʼmin etib, bogʻbon va tadbirkorlarga koʻpaytirish uchun tavsiya etiladi.
Z.Fayzullayev,
Oʻzbekiston fermer,
dehqon xoʻjaliklari va tomorqa
yer egalari kengashi bosh mutaxassisi









