Anorlar issiqxonada pishadi

    Agrosektor 5 Iyul 2021 1363

    Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida issiqxonalarda anor yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.

    Sherobod tumanidagi “Sherobod Gardens” MCHJga 10 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratilgandi. Bu esa ijobiy natija berdi. Mazkur mablagʻlar evaziga oʻzlashtirilmagan yer maydoniga suv inshootlari oʻrnatilib, qarovsiz yerda 500 gektar anorzor, anor koʻchatini yetishtirishga moʻljallangan 2 gektar zamonaviy issiqxona va anor sharbatini qayta ishlash sexi barpo etildi.

    “Sherobod Gardens” MCHJ Sherobod tumanidagi aholi tomorqalariga oʻz issiqxonasida yetishtirilgan ertapishar anor koʻchatlarini yetkazib berish va kelgusida tomorqalarda yetishtirilgan anor hosilini xarid qilish orqali sohada qiymat zanjirini yaratishni ham rejalashtirgan.

    Viloyatimizda anor boshqa hududlarga nisbatan bir oy oldin pishadi. Bu esa ertapishar hosilning bozori barakali boʻlishini hamda moʻmay daromad keltirishini yana bir karra isbotlayapti, deb xabar beradi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.