Tadbirda Turkiya ichki ishlar vaziri maslahatchisi Xatije Atan, Adolat va taraqqiyot partiyasining Anqara viloyati rahbari oʻrinbosari Mustafa Erdogʻan, nodavlat tashkilotlar vakillari va bu yerda istiqomat qilayotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
Yigʻilganlarga joriy yilning 1-sentyabrida Oʻzbekiston mustaqilligining 32 yilligi nishonlanishi, soʻnggi yillarda mamlakatimizda kechayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar, Yangi Oʻzbekistonning rivojlanish strategiyasining mazmun-mohiyati, shuningdek, Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati, boy tarixi va madaniyatining oʻziga xosligi, meʼmoriy yodgorliklari, shuningdek, Oʻzbekiston hukumati tomonidan mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan muhim islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir ishtirokchilari oʻz nutqlarida avvalo Oʻzbekiston mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan tabriklab, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan buyon barcha sohalarda ulkan taraqqiyotga erishgani hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan oqilona ichki va tashqi siyosat natijasida xalqaro maydonda Oʻzbekistonning oʻziga xos imiji shakllanganini alohida taʼkidlashdi.
Oʻtkazilgan madaniy-maʼrifiy tadbir Oʻzbekistonning boy madaniyati, tarixi hamda halkimizning mehmondoʻst va bagʻrikengligini tanitishga hissa qoʻshdi.
Uchrashuv yakunida mehmonlarga dasturxon yozilib, oʻzbek milliy taomlari tortiq etildi.