Antibiotiklarni qabul qilgandan keyin ichak mikroflorasi buzilishi mumkin

    Antibiotiklar — infeksiyali kasalliklarni davolashda eng samarali vositalardan. Ammo ular faqat zararli bakteriyalarni emas, balki ichakdagi foydali mikroorganizmlarni ham “oʻldiradi”.

    Antibiotiklar qabul qilgandan soʻng bemorda diareya, qorin dam boʻlishi, immunitet zaiflashishi va ichak faoliyati buzilishi bilan bogʻliq boshqa qator jiddiy asoratlar kelib chiqishi mumkin. Xoʻsh, antibiotiklar qabul qilgandan keyin ichak mikroflorasini tiklash uchun nimalar qilish kerak?

    Ushbu savolga Sogʻliqni saqlash vazirligi Klinik protokollar va standartlarni ishlab chiqish va joriy etish boʻlimi boshligʻi Sevara Ubaydullayeva javob berdi.

    — Antibiotiklar kursi tugaganidan keyin ratsionga probiotiklar va prebiotiklarga boy mahsulotlarni kiritish kerak, — deydi mutaxassis. Probiotiklar — bu ichakni foydali bakteriyalar bilan toʻldirishga yordam beruvchi tirik mikroorganizmlar, prebiotiklar esa foydali bakteriyalar uchun ozuqa manbai hisoblanib, ularning koʻpayishiga yordam beradi.

    Bunday foydali bakteriyalar yogurt, kefir, tuzlangan karam, pishloq, banan, piyoz, sarimsoq kabi mahsulotlarda koʻp boʻladi.

    Ichak mikroflorasini tiklash uchun qayta ishlangan, yarim tayyor mahsulotlar, yogʻli taomlar, shakar, alkogol va kofe isteʼmolini cheklash tavsiya etiladi. Bundan tashqari, yetarli miqdorda suv ichish, koʻproq meva-sabzavotlar, butun donli, oqsil, ayniqsa S vitaminiga boy mahsulotlar tanovul qilish muhim.

    Antibiotik dori vositalarini qabul qilish oqibatida zaiflashgan immunitetni mustahkamlash uchun kamida 7-8 soat uxlash, sport bilan shugʻullanish, zararli odatlardan voz kechish maqsadga muvofiq.

    Ushbu qoidalarga amal qilgan bemorlarda ichak faoliyati oʻrtacha 1,5-2 oyda toʻliq tiklanadi.