“Antologiya uzbekskoy poezii” kitobi taqdim etildi

    Ushbu kitoblar Rossiyaning “Ladomir” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi.

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida birinchi va ikkinchi jildlari taqdimoti boʻlib oʻtgan “Antologiya uzbekskoy poezii” kitobidan oʻzbek sheʼriyatining mashhur tarjimonlari Sergey Ivanov, Nikolay Grebnyov, Svetlana Somova, Natalya Orlova bilan bir qatorda Mixail Sinelnikov, Nikolay Gol, Vadim Muratxanov, Sanjar Yanishev kabi bugungi kun tarjimonlarining Muqimiy, Zavqiy, Furqat, Anbar Otin kabi zabardast shoirlari, Hamza, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon kabi yangi davr shoirlari, shuningdek, Mirtemir, Asqad Muhtor, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Rauf Parfi, Muhammad Yusuf singari azim chinorlardan tortib, bugungi sheʼriyat vakillari ijodidan qilgan tarjimalari oʻrin olgan.

    Kitobning taqdimot marosimida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimlari Olmos Ahmedova, Qutlibeka Rahimboyeva, shoir va tarjimonlarimiz, ushbu kitoblarning bosh tuzuvchisi Mixail Sinelnikov soʻzga chiqdi.

    Taqdimot avvalida “Adiblar xiyoboni” nomli videorolik namoyish etildi. Tadbirda kitobning yaratilish jarayoni va uning ahamiyati xususida soʻz bordi.

    – Mazkur toʻplam oʻzbek mumtoz sheʼriyatidan boshlab, zamonaviy oʻzbek sheʼriyati namoyandalari ijodini oʻzi ichiga qamrab olgan, – deydi yozuvchi Muhammad Ali. – Uning I jildida oʻzbek xalq eposlaridan parchalar, shuningdek, oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakillarining gʻazal, ruboiy va qitʼalari rus tiliga tarjimada chop etilgan. II jildiga esa XIX-XX asr davr sheʼriyati kiritilgan.

    Ushbu kitoblar Rossiyaning “Ladomir” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi.

    Shuningdek, kitobda Mustaqillik davri sheʼriyatiga alohida oʻrin berilgani aytildi. Bu boʻlimdan Muhammad Ali, Sirojiddin Sayyid, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Abduvali Qutbiddin, Eshqobil Shukur, Minhojiddin Mirzo, Nodir Jonuzoq, Salim Ashur, Zulfiya Moʻminova, Xosiyat Rustamova, Goʻzalbegim kabi shoirlarning rus tiliga tarjima qilingan sheʼrlari bor.

    2024-yilda ushbu kitobning 3-jildi nashrdan chiqishi koʻzda tutilgan. Taqdimotdagi kitoblar yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotdi.