“Apple Fest 2024” festivalida Oʻzbekistonning boy madaniyati va turizm salohiyati namoyish qilindi

    Madaniyat 19 Sentabr 2024 650

    Olma-Ota shahrida anʼanaviy tarzda sentyabr oyining uchinchi yakshanbasida nishonlanadigan “Shahar kuni” bayrami doirasida Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti nomidagi bogʻda “Apple Fest 2024” festivali oʻtkazildi.

    Bogʻda diplomatik missiyalar xiyoboni tashkil etildi. Mazkur xiyobonda mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan Oʻzbekistonning oʻziga xos madaniyatini aks ettiruvchi milliy stend tashkil etildi.

    Olma-Ota aholisi va mehmonlari oʻzbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari bilan tanishish barobarida, oʻzbek oshxonasi taomlari bilan tanishish, shirinliklardan tatib koʻrish imkoniga ega boʻldilar.

    Tadbirga shahardagi oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan bir guruh vatandosh talabalar taklif etildi. Ular festival mehmonlariga mamlakatimizning sayyohlik salohiyati haqida maʼlumot berdilar.

    Festival maydonida, shuningdek, “Uzbekistan Airways” kompaniyasining stendi ham tashkil etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.