Biroq shu kunlarda mamlakatimiz boʼylab kuzatilayotgan ob-havoning oʼzgaruvchanligi tez tibbiy yordam xizmatiga oʼtkir respirator kasalliklarga chalinish holatlari boʼyicha murojaatlar soni ortishiga sabab boʼlmoqda.
Raqamlarni tahlil qilsak, 2022-yil aprel oyining 25-sanasigacha yurtimizda “103” xizmatiga jami 799 ming 217 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan 787 ming 643 nafar bemorga tez tibbiy yordam koʼrsatilib, 75 ming 226 nafari gospitalizatsiya qilindi.
Taqqoslash uchun aytsak, 2021 yilning ayni shu davrida “Tez yordam”ga jami 773 ming 41 ta murojaat boʼlib, 762 ming 549 nafar bemorga tez tibbiy yordam koʼrsatilgan va 72 ming 614 nafari shifoxonalarga gospitalizatsiya qilingan edi.
Аprel oyining oʼtgan davrida eng koʼp murojaat Fargʼona (90 ming 721 ta), Аndijon (86 ming 673 ta) va Toshkent viloyatlari (79 ming 681 ta) hamda Toshkent shahrida (75 ming 855 ta) qayd etildi. Eng kam chaqiriqlar esa Sirdaryo (28 ming 267 ta) hamda Navoiy viloyatlari (25 ming 97 ta) hissasiga toʼgʼri keldi.
— Аvvalgi oylarga qaraganda aprelda mamlakatimizda oʼtkir respirator kasalliklar boʼyicha tez tibbiy yordamga chaqiriqlar soni birmuncha ortib, 80 ming 643 tani tashkil etdi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev. — Shuningdek, tana harorati koʼtarilishi boʼyicha jami 73 ming 509 nafar bemor “103” xizmatiga murojaat qilgan. Аmmo bronxopnevmoniya (615 ta) va COVID-19 (444 ta)ga gumon qilingan bemorlar murojaati 2021 yilning shu davriga nisbatan keskin kamaydi.
Maʼlumot oʼrnida aytish lozimki, 2022-yilning shu davriga kelib tez tibbiy yordam brigadalari soni 2694 taga yetkazildi. Vaholanki, bu raqam 2021-yilda 2676 tani tashkil qilgan edi.
Bundan tashqari, hududlarning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda joriy yil yurtimizning olis tuman qishloqlari hududida yangi 24 ta tez tibbiy yordam brigadasi tashkil etish, 17 ta oilaviy shifokor punkti hamda oilaviy poliklinikalarni esa maxsus tez tibbiy yordam mashinalari bilan taʼminlash koʼzda tutilgan.
Sogʼliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.