“Aqlli shaharlar evolyutsiyasi” mavzusida merlar davra suhbati

    Xalqaro hamkorlik 22 Sentabr 2021 1094

    2021-yil 21-sentyabrda Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha oʻrinbosari, “Raqamli rivojlanish” departamentining rahbari Sardor Mahmudjanovich Abdullayev “Aqlli shaharlar evolyutsiyasi” mavzusidagi merlar davra suhbatida ishtirok etdi.

    Davra suhbati KAZAN DIGITAL WEEK-2021 Xalqaro forumi doirasida tashkil etilgan boʻlib, unda shahar infratuzilmasini rivojlantirish va uni yangi iqtisodiy talablarga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Onlayn-konferensiya shaklida oʻtayotgan davra suhbati davomida, dunyoning va Rossiya Federatsiyasining eng yirik shaharlari merlari – umumiy 40 nafar spiker soʻzga chiqdi. Xususan, Kishinyov (Moldova) meri Ion Cheban, Syamen shahrining (Xitoy) meri Xuan Venxuey, Yekaterinburg shahrining hukumat rahbari A.V.Orlov maʼruza bilan chiqib, uchrashuvni Qozon shahar meri I.R.Metshin olib bordi.

    Merlar muhokamasiga qoʻyilgan asosiy masalalar – transport va avtoturargohlarni aqlli boshqarish, axborot texnologiyalari yordamida qulay muhitni yaratish, “aqlli” jamoat joylarini tashkil etish, ekologiyani yaxshilash va xavfsizlikni oshirish kabi mavzularni oʻz ichiga oldi.

    Sardor Abdullayev davra suhbati ishtirokchilariga “Raqamli Toshkent” dasturi haqida maʼlumot berdi. Maʼlum qilinishicha, ushbu dastur geoportal, geotahlil tizimi, arxitektorlar uchun modul, manzilli reyestr moduli, munitsipal aktivlar, “Xalq nazorati” tizimi, yagona shaxsiy hisob raqamiga ega “Salom Toshkent” tizimi hamda ishga tushirilishi kutilayotgan Vaziyatlar markazini oʻz ichiga oladi.

    Merlarning davra suhbati muhokamalarga boy boʻldi, ishtirokchilar shaharlarni boshqarish va barqaror qulay shahar muhitini yaratish uchun axborot texnologiyalaridan foydalanishda merlar muloqotining ahamiyatini taʼkidladilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.