AQSH Afgʻonistondan oʻz qoʻshinlarini 11-sentyabrgacha olib chiqib ketishini maʼlum qildi

    Voqea-hodisalar 14 Aprel 2021 447

    Vashington maʼmuriyati vakilining qoʻshimcha qilishicha, qoʻshin “hech qanaqangi shartlarsiz olib chiqib ketiladi”.

    AQSH Prezidenti Djo Bayden Afgʻonistondagi Amerika qoʻshinini 11-sentyabrga qadar — AQSHga bir qator terrorchilik hujumi uyushtirilgan kunning 20 yilligi oldidan olib chiqishni rejalashtirgan. Bu haqda seshanba kuni Vashington maʼmuriyatining yuqori mansabdagi vakili Afgʻonistondagi vaziyatga bagʻishlangan maxsus brifingda eʼlon qilgan.

    “Biz qolgan qoʻshinimizni tartibli ravishda 1-mayga yaqin olib chiqa boshlaymiz va 11-sentyabrning 20 yilligi oldidan mamlakat hududidan barcha Amerika qoʻshinini olib chiqib ketamiz”, — deb taʼkidladi u. Shuningdek, qoʻshinning “hech qanaqangi shartlarsiz” olib chiqib ketilishini qoʻshimcha qildi.

    “Prezident Bayden Afgʻonistonga munosabat borasidagi siyosatni batafsil qayta koʻrib chiqqach, qoʻshinning Afgʻonistonda qolgan qismini olib chiqish va nihoyat 20 yildan beri choʻzilayotgan urushga barham berishga qaror qildi...”, — deb tushuntirdi ijroiya hokimiyati vakili, deb xabar beradi TASS.