AQSH bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan masalalar muhokama etildi

    Biznes 7 Oktabr 2024 529

    Joriy yil 7-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov AQSH Savdo vaziri yordamchisi oʻrinbosari D.De Falko bilan uchrashdi.

    Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli ikki tomonlama masalalarni muhokama qildilar.

    Boʻlajak qoʻshma tadbirlarning tashkiliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Ulardan asosiylari: norasmiy virtual savdo muloqotini tashkil etish va oʻzaro biznes missiyalarini oʻtkazish. Shuningdek, Oʻzbekistonning xalqaro vodorod dasturida ishtirok etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

    Geologiya va metallurgiya, kimyo, toʻqimachilik sanoati sohalarida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar muhokama etildi. Oʻzbekiston mahsulotlarining AQSH bozorlariga chiqishini kengaytirish imkonini beruvchi Imtiyozlar tizimi (GSP)ni tiklash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Amerika tomoni mahalliy korxonalarning xalqaro marketing va eksportni diversifikatsiya qilish sohasidagi malakasini oshirish boʻyicha Oʻzbekistonning SABIT dasturida ishtirok etishiga texnik va konsalting yordamini koʻrsatishga tayyorligini bildirdi, bu esa “Made in Uzbekistan” milliy brendi yanada targʻib etilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, Oʻzbekistonning Tijoriy huquq va taraqqiyot dasturi (CLDP)dagi ishtiroki masalalari ham muhokama etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati .