AQSh Davlat departamenti vakili xotin-qizlar va gender tenglik borasidagi ishlarni yuksak baholadi

    Xalqaro hamkorlik 31 Avgust 2022 2219

    Joriy yil 30-avgustda Oliy Majlis Cenatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M.Qodirxonova mamlakatimizga tashrif buyurgan AQSh Davlat departamentining Ayollar ishlari boshqarmasi rejalashtirish boʻyicha direktori Kristin Borganyen bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda gender tenglikni taʼminlash boʻyicha hamkorlik va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

    Muloqot davomida mehmon mamlakatimizda gender tenglikni, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularni ijtimoiy- iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan batafsil tanishtirildi.

    Oʻz navbatida, K.Borganyen mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

    Uchrashuvda tomonlar kelgusida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini taʼminlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishdilar.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.