AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Toshkentda TIV rahbariyati bilan uchrashdi

    Siyosat 1 Mart 2023 1411

    1-mart kuni Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov Toshkentda AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi.

    Bugun AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida u Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov boshchiligidagi rasmiylar bilan muzokara oʻtkazdi.

    Baxtiyor Saidov oʻz soʻzida Blinkenning Oʻzbekistonga ilk tashrifi ikki tomonlama keng miqyosdagi munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi. «Ikki hafta oldin, 19-fevral kuni biz Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 31 yilligini nishonladik. Oʻtgan yillar davomida hamkorligimiz ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorligimizning barcha yoʻnalishlarida, jumladan, «C5+1» loyihasi doirasida ham sezilarli darajada rivojlandi.

    Biz AQSH maʼmuriyati prezident Mirziyoyevning Oʻzbekistondagi samarali boshqaruvi, qonun ustuvorligi, inson huquqlarini taʼminlash, qoʻshnilarimiz bilan yaxshi va doʻstona munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilgan islohotlar dasturini doimiy qoʻllab-quvvatlab kelayotganini yuksak qadrlaymiz. Men bugungi konstruktiv muhokamalarimizni hamda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi siyosiy yoʻnalish, savdo va sarmoya, fan-texnika, taʼlim va inson taraqqiyoti sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishning umumiy ustuvor yoʻnalishlarini intiqlik bilan kutaman», — dedi u.

    Oʻz navbatida, AQSH davlat kotibi mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirar ekan, «Toshkentda boʻlish juda yoqimli» ekanini taʼkidladi. «Baxtiyor, kecha siz bilan xayrlashib Ostonadan joʻnab ketdim, bu yerga yetib kelganimda esa salomlashish uchun samolyot yonida turganingizni koʻrdim. Siz bu yerga bizdan oldin yetib kelganingiz — sehrli muvaffaqiyat», — dedi u.

    Blinken oʻz soʻzida Oʻzbekiston prezidentining islohotlar dasturini yuqori baholadi va ikki tomonlama hamkorlik rivojlanayotganini qayd etdi.