Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan yaqindan tanishish hamda o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama etish uchun vohaga tashrif buyurgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblyum boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Mazkur uchrashuvda viloyat hokimi To‘ra Bobolov Surxondaryoning iqtisodiy, ijtimoiy, jug‘rofiy imkoniyatlari hamda o‘ziga xos investitsiyaviy xususiyatlari, qo‘shni Afg‘onistonning Balx viloyati bilan faol hamkorlik aloqalari, chegara oldi hududda barpo etilayotgan «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi va «Termiz» xalqaro savdo markazida yaratilayotgan zamonaviy sharoit va qulayliklar to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, hozirda Surxondaryo viloyatida AQSh biznes vakillari sarmoyasi ishtirokida 2 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Xususan, 2020-yilda «Hayotbaxsh zamin» O‘zbekiston – AQSh qo‘shma korxonasi tomonidan 4,5 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, Termiz tumanida 8,5 gektar maydonda intensiv bog‘ tashkil etildi.

Viloyatning AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorligi yildan-yilga kengayib bormoqda.

Jumladan, 2019-yiling dekabr oyida Termiz shahrida Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Eron va Ukraina singari 17 ta davlat vakillari ishtirokida mintaqaviy forum o‘tkazilib, Markaziy Osiyo transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish, savdo va investitsiya aloqalarni kengaytirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

USAID fondi bilan hamkorlikda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filialida qishloq xo‘jaligida qiymat zanjiri loyihasi doirasida meva-sabzavotlarni saqlashga mo‘ljallangan sovuqxona (o‘quv maqsadlarida) qurildi.

Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida 3 oylik dasturlash kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.

O‘z navbatida, Daniel Rozenblyum mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Surxondaryo viloyati bilan savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, ta’lim va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, Termiz shahrida bepul ingliz tilini o‘rganish, ushbu tildagi o‘quv va madaniy materiallardan foydalanish, AQShda ta’lim bo‘yicha maslahat olish imkoniyatini beruvchi «Amerika burchagi»ni ochish yuzasidan takliflarini bayon etdi. AQSh elchisining takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi delegatsiyasining Srxondaryo viloyatiga 3 kunlik safari davomida TerDU, TDAU Termiz filiali, muzeylar, shuningdek, qator tarixiy qadamjolar va turizm ob’ektlariga tashrifi ko‘zda tutilgan, deb xabar beradi Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.