AQSh: «Ilg‘or jangchi» musobaqasining so‘nggi bosqich sinovlari yakunlandi

    Harbiy 23 Aprel 2021 622

    Amerika Qo‘shma Shtatlarining Missisipi shtatidagi «Camp Shelby» harbiy o‘quv bazasida bo‘lib o‘tayotgan «Ilg‘or jangchi» musobaqasining yakuniy bahslari o‘tkazildi.

    Qizg‘in va murosasiz tarzda kechgan mazkur musobaqalarda hamyurtlarimiz mezbon harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda, yuklatilgan deyarli barcha vazifalarni muvofaqqiyatli ado etishdi. Ahamiyatlisi, ular qisqa vaqt ichida o‘zlari uchun notanish bo‘lgan ko‘plab yangi ma’lumotlarni o‘zlashtirishlariga ham to‘g‘ri keldi.

    Xususan, yigitlarimiz AQSh Qurolli Kuchlarida foydalanilayotgan turli rusumdagi avtomatik o‘q otar qurollarning taktik-texnik tavsiflari, ularni to‘liq va noto‘liq qismlarga ajratish hamda 100 dan 800 metrgacha masofada paydo bo‘luvchi nishonlarni yakson qilish, qo‘l granatasini turli holatlarda uloqtirish borasida nafaqat bilim va ko‘nikmalarini boyitishdi, balki mashqlardagi belgilangan me'yor talablarini bexato va eng asosiysi, o‘z vaqtida bajarib mahorat ko‘rsatishdi.

    Panoramali o‘t ochish majmuasida ham o‘zbekistonlik ishtirokchilar yangicha talablar asosida shartli dushman ob’ektlari koordinatalarini aniqlash, artilleriya olovini yo‘naltirish hamda boshqarish bo‘yicha berilgan 6 ta urinishning teng yarmini sarflab, vazifasini a’lo darajada bajarishdi.

    Shuningdek, ishtirokchilarning intellektual salohiyatini belgilovchi yakkama-yakka savol-javob, sohaga oid yozma ish va test sinovlari ham o‘tkazildi.

    Musobaqa davomida qatnashuvchilarning qo‘shimcha ball to‘plashi uchun oldin ma’lum qilinmagan yana ko‘plab jismoniy sinovlar tashkil etildi. Barcha jarayonlarda har ikkala harbiy xizmatchimiz o‘z guruhlarida peshqadamlikni qo‘ldan boy bermadi.

    Musobaqalarning yakuniy natijalari 24-aprel kuni e’lon qilinshi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.