AQSH Kongressi aʼzolari Samarqand shahrida boʻlishdi

    Mamlakatimizda 6 Oktabr 2021 952

    Mehmonlar mamlakatimizga tashrifi doirasida Samarqand shahrida ham boʻldi.

    AQSH parlamenti aʼzolarini Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov kutib oldi va qabul qildi.

    Boʻlib oʻtgan suhbat davomida Oʻzbekiston va AQSH hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

    Samarqand viloyati hokimi viloyatning investitsiya va sayyohlik salohiyati haqida batafsil maʼlumot berdi hamda AQSH yetakchi kompaniyalarini sanoat, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi va turizm industriyasi kabi sohalarda hamkorlik qilishga taklif qildi.

    Mehmonlar Samarqand shahrining tarixiy obidalari va diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar.

    Samarqand shahri meʼmoriy yodgorliklarining badiiy oʻziga xos jihatlari AQSH parlamenti aʼzolarini lol qoldirdi.

    AQSH Kongressi aʼzolari Goʻri Amir maqbarasi, Ulugʻbek rasadxonasi, Registon maydoni va Bibixonim madrasasini ziyorat qildilar.

    Mehmonlar jahon sivilizatsiyasi xazinasining ajralmas qismi boʻlgan oʻzbek xalqining madaniy merosini kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.