Maʼlumot uchun: “YNK” kompaniyasi AQSH maktablari uchun birinchi sinfdan to 12 sinfgacha boʻlgan yoshdagi bolalar uchun maktab formalari hamda poyabzallarni yetkazib berish bilan shugʻullanadi. Kompaniyaning missiyasi oʻquvchilarni sifatli va ishonchli boʻlgan kiyim-kechak hamda poyabzallar bilan taʼminlashdir. Kompaniya 100% paxta va tabiiy charmdan tayyorlangan kiyim-kechak va poyabzallarni xarid qilishi bilan AQSH maktablarining ishonchini oqlagan. Aynan shu sabab, AQSH maktablari mazkur kompaniyaga yiliga katta hajmda buyurtmalar beradi.
Endilikda “YNK” hamkorlari qatorida Oʻzbekistonning “Classica shoes International” korxonasi ham bor. Yuqori sifat va dizayn hamda ishlab chiqarishdagi xalqaro standartlar AQSH kompaniyasini eʼtiboridan chetda qolmadi. Oʻzbekiston korxonasi mazkur kompaniya bilan 2024-yil uchun dastlab 35 ming juft poyabzal xarid qilish boʻyicha eksport shartnomasini imzoladi. Shartnomaning umumiy hajmi qariyb 500 ming dollarni tashkil etadi. Bu boshlanish albatta, kelgusida AQSH kompaniyasi Oʻzbekistondan eksport hajmini yanada kengaytiradi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.
Demak, 2024 oʻquv yilidan AQSH maktablaridagi oʻquvchilar “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi ostidagi poyabzallarda darslarga qatnashni boshlaydi.